2015 yilning 7 noyabr kuni Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan OAV vakillari uchun media-tur uyushtirildi. O'zbekiston MTRK, O'zA, Uzreport AA, shuningdek, davriy bosma va internet nashrlarining xodimlari “Tovoqsoy” sanatoriysida bo'lib, sog'lomlashtirish muassasasida urush va mehnat faxriylari, keksa va nogiron yurtdoshlarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq 1941-1945 yillardagi urush va mehnat frontlarida ishtirok etgan faxriylarning salomatliklarini tiklashning tartiblari ishlab chiqilib, 2015 yilning boshidan amaliyotga tadbiq qilindi. Faxriylar yilda bir marotaba, o'zlariga ma'qul bo'lgan vaqtda, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi va boshqa davlat hamda jamoatchilik tashkilotlariga qarashli sanatoriylarda bepul dam olish huquqiga ega bo'ldilar.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish asnosida, urush va mehnat faxriylari tibbiy muassasalarda ko'rikdan o'tkazildi, tibbiy ko'rik xulosalariga ko'ra, har bir faxriy maxsus yo'nalishdagi sanatoriyga yo'llandi. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida faxriylarning umumiy ro'yxati va ularga 2015 yilgi yo'llanmalarni berish tartibi bo'yicha ish rejasi tuzildi. Ish rejasida sanatoriylardagi umumiy joylar va ko'rsatilgan muddatda sanatoriyda jo'natiladiganlarning ma'lumotlari ko'rsatilgan.

Urush va mehnat faxriylariga sifatli xizmat ko'rsatishni tashkil etish maqsadida, “Tovoqsoy” sanatoriysining 7 nafar shifokori va 16 nafar hamshirasi gerontologiya yo'nalishi bo'yicha malaka oshirish kurslarida tahsil oldilar. 
Faxriylarni qabul qilish uchun maxsus bo'linma ochilib, xonalar zaruriy texnikalar bilan ta'minlandi. Keksalarning yoshi inobatga olingan holda taomnomalarga o'zgartirishlar kiritildi. Har bir otaxon-u onaxon sanatoriyga kelishi bilan to'liq tibbiy tekshiruvdan o'tkazilib, kerakli tibbiy, fizioterapik va reabilitasion muolajalar belgilanadi. Keksalar uchun fizioterapiya, davolash jismoniya tarbiya xonalari va fitobar doimiy ravishda xizmat qiladi. Davolanuvchilar muolajalar orasida toza havoda biroz sayr qilishlari, stol tennisi va boshqa shu kabi o'yinlar o'ynashlari yoki bo'lmasa, televizor ko'rishlari mumkin.

Keksalarimizning sevimli maskanlaridan biri bu – milliy uslubdagi so'ridir. U erda otaxonlar-u onaxonlar bir piyola choy ustida suhbat quradilar, o'zaro fikr almashadilar. Sanatoriyga kino va estradamiz namoyondalari muntazam tashrif buyuradilar, haftaning juma kunlari esa, Toshkent bo'ylab sayohat uyushtiriladi.

Sanatoriyning o'zi haqida so'z yuritar ekanmiz, yangi qurib bitirilgan bino va undagi zamonaviy jihozlarga urg'u bermoq lozim. Har bir xonada yotoqxonadan tashqari alohida dam xonasi ham mavjud bo'lib, bu erda davolanuvchilar televizor tomosha qilishlari, yaqinlari, oila a'zolarini mehmon qilishlari mumkin. Oshxonalar ham to'liq ta'mirdan chiqarilgan, ikkinchi qavatda 500 kishi, pastgi qavatda 60 kishi bemalol ovqatlanishi mumkin.

Muolajalar binosi alohida diqqatga sazovor. Bu bino ham yaqinda foydalanishga topshirilgan. Tibbiy jihozlar, ultratovushli tashxis apparatlari, umurtqa pog'onasini davolashning kopmpyuterlashtirilgan apparati, magnitli va nurli terapiya uskunalarining barchasi yangi keltirilgan.
2015 yilning 1 noyabriga qadar “Tovoqsoy” sanatoriysida 8647 nafar yurtdoshimiz salomatliklarini tiklagan bo'lsa, ulardan 5903 nafari nafaqaxo'r, 1592 nafari nogiron, 52 nafari urush qatnashchisi va 1100 nafari esa mehnat fronti faxriysidir.

Ma'lumot uchun: 2015 yilning 1 noyabriga qadar 10 ming nafardan zied urush va mehnat fronti faxriysi yo'llanmalar bilan ta'minlandi.

Mehnat vazirligining
Axborot xizmati