2015 yil 28 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan “Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2015 yilning yanvar-sentyabr oylarida aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ish bilan ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi.

Bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig'i Erkin Avezov “Ish o'rinlari tashkil tashkil etish va aholini bandligini ta'minlash” dasturining bajarilishi va bandlikning samarali shakllarini rivojlantirish maslasiga to'xtalar ekan 2015 yil bandlik dasturi ijrosi haqida axborot berdi. Unga ko'ra hisobot davrida respublika bo'yicha jami 748 ming ish o'rinlari tashkil etilib, dastur 101 foizga ko'p bajarildi. Bunda, maqsadli dasturlarga muvofiq 163 mingta, jumladan sanoatda – 60 mingta, xizmat ko'rsatish va servisda – 52 mingta, qishloq xo'jaligida – 35 mingta ish joylari tashkil etildi. Dastur ijrosida asosiy e'tibor - kichik biznesga qaratilgan bo'lib, kichik korxona va mikrofirmalar, yakka tadbirkorlik, uy mehnati, dehqon va fermer xo'jaliklarida jami 585 mingdan ziyod kishining bandligi ta'minlandi (bu yaratilgan ish o'rinlarining 78 foiziga teng bo'ldi). Joriy yilning o'tgan davrida 900dan ortiq bo'sh ish o'rinlari yarmarkalari o'tkazildi va ularda 44 mingta korxona va tashkilotlar ishtirok etib, 50 ming kishiga ishga joylashish bo'yicha yo'llanmalar berildi. Shuningdek, hududiy mehnat organlarining inspektorlari mahallalarda yurib, ishsiz bo'lgan va ish qidirayotgan 230 mingga yaqin fuqarolarni ishga joylashishiga ko'maklashildi, ulardan 110 ming nafari ayollar, 168 ming nafari yoshlar, 67 ming nafari ijtimoiy muxofazaga muxtoj axolini tashkil etadi. Ularning 143 ming nafari qishloq xududlariga to'g'ri keladi. Chetdan qaytgan mehnat migrantlaridan 186 ming nafarining bandligi ta'minlangan.

Ijtimoiy muhofaza borasida amalga oshirilgan ishlarga to'xtalar ekan, Aholini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari monitoringi va tahlili boshqarmasi boshlig'i Baxodir Sharapov, tuman (shahar) bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan, joriy yil 17,0 ming nafardan ziyod yolg'iz keksa, pensioner va nogironlar ro'yhatga olinib, ulardan 4 ming nafardan ziyodi o'zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz pensionerlar sifatida ro'yhatga olingan, ular har oy bepul 9 turdagi mahsulotlar bilan, 2015 yil 1 sentyabrdan esa O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 avgustdagi “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 237-son qaroriga asosan 15 turdagi mahsulotlar bilan ta'minlanmoqda. Yolg'iz keksa, pensioner va nogironlardan 16 ming nafari uyida ijtimoiy xizmat ko'rsatishga muhtoj deb topilib, ularga 2 ming nafardan ziyod ijtimoiy xodimlar biriktirilib, uyida ijtimoiy xizmat ko'rsatish bilan to'liq qamrab olingan. 1941-1945 yillar urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1 oktyabr xolatiga 9800 nafardan ziyod urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriyalarda sog'lomlashtirildi. O'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan 613 mingta oilalarga ijtimoiy nafaqalar tayinlandi. Shundan 194 mingta oilaga 2 yoshgacha bola tarbiyasi uchun, 364 mingta voyaga etmagan farzandlar uchun, 55 mingta kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlandi. Nogironlarni reabilitasiya texnik vositalari bilan ta'minlash maqsadida 2040 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar nogironlar aravachasi, 827 nafari eshitish moslamasi, 1603 nafari xassa va 959 nafari qo'ltiqtayoq bilan ta'minlandi.

O'zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi mutaxassisi Nodir Teshaev o'z ma'ruzasida amalga oshirilgan ishlar xaqida axborot berdi. Jumladan joriy yilning 9 oyi davomida inspeksiya xodimlari tomonidan Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi tomonidan tasdiqlangan reja asosida, davlat byudjetidan moliyalashtirladigan tashkilotlarda, huquq tartibot idoralari bilan hamkorlik doirasida, jami 5 mingdan ortiq tekshiruvlar o'tkazilgan. Aniqlangan holatlar bo'yicha ish beruvchilarga nisbatan 500 dan ortiq bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatmalar berilgan 4 yuzdan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jarimalar qo'llanilgan. Joylardagi Davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan 2015 yilning 9 oyi davomida Mehnat munosabatlariga oid va «Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida»gi qonunlarning korxona va tashkilotlarda hamda fermer xo'jaliklarida keng targ'ib etish yuzasidan televidenie va radio orqali 80 dan ortiq, marotaba, matbuot, gazeta, jurnallar orqali 170 dan ortiq marotaba chiqishlar qilingan hamda 1,8 ming marta yig'ilish-seminarlar va ochiq eshiklar, jami 2 mingdan ortiq huquqiy targ'ibot tadbirlari amalga oshirilgan.

Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Sulaymonova Nozima axborotiga ko'ra, Respublika bo'yicha Davlat mehnat texnika inspektorlari va mehnat sharoitlari ekspertlari tomonidan o'tkazilgan tekshirishlarda, Mehnat muhofazasi qonunchiligi va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik xolatlari bo'yicha jami bo'lib 29 mingdan ortiq kamchiliklar aniqlangan bo'lib qariyb 28 mingtasi bo'yicha kamchilik bartaraf etilganligi haqida korxonalardan ma'lumotlar olingan. Davlat mehnat texnika inspektorlari tomonidan 2015 yilning 9 oyi davomida Mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoida va me'yorlariga amal qilinmaganligi uchun 2450 nafardan ortiq mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan bo'lib, shundan 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, 9 nafariga boshqa intizomiy choralar ko'rilgan, qolganlarga ma'muriy jarimalar qo'llanilgan. Solingan jarimaning jami miqdori 860 mln. So'mdan ortiqni tashkil qildi.

Tadbirda mehnat bilan band bo'lmagan aholi, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta'minlash borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar xususida so'z yuritildi. Jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Mehnat vazirligining
Axborot xizmati