Rossiya tomonidan O'zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati o'rtasidagi Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish to'g'risidagi Bitimni ratifikatsiya qilishni jadallashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi

Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi. Delagatsiya tarkibi O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov va Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari X.Asamovdan iborat.

2017 yil 3 oktyabrda “Lotte Moscow” biznes markazining muzokaralar zalida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi delegatsiyasi Sankt-Peterburg “Mehnat resurslari markazi” (MRM) davlat avtonom muassasasi direktori A.Chistyakov va “Vatan” Umumrossiya Siyosiy Partiyasining Leningrad viloyatidagi hududiy bo'linmasi raisi V.Shinkarenko bilan uchrashdi.

O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov Rossiya tomonini O'zbekiston delegatsiyasi tashrifining asosiy maqsadi bilan tanishtirib, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi faoliyati haqida qisqacha so'zlab berdi. U O'zbekiston Respublikasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasining taraqqiy etishi yo'lida joriy etilayotgan loyihalarda MRM ishtirokining muhimligini e'tirof etdi.

Ma'lumki, 2017 yil 27-30 aprel kunlari Agentlik tomonidan MRM delegatsiyasining O'zbekiston Respublikasiga tashrifi uyushtirilgan edi. Tashrif chog'ida kelishuvga erishilgan va 2017 yil 21 iyulda Mehnat migrantlarini ketish oldidan tayyorlash va Rossiya Federatsiyasiga yuborish bo'yicha Samarqandda hamkorlikda Markaz tashkil qilish yuzasidan Memorandum imzolangan edi. Markazda Rossiya Federatsiyasida ishga joylashish istagida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining o'qitilishi, test sinovlari, tibbiy ko'rikdan o'tkazilishi va to'liq hujjatlar to'plami bilan Rossiyada ishlash maqsadida ruxsatnoma (patent) olish uchun yuborilishi rejalashtirilgan.

“Mehnat resurslari markazi” direktori A.Chistyakov Sankt-Peterburgda Sankt-Peterburg aholisining mehnat va bandligi bo'yicha qo'mita raisi D.S.Cherneykoning O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etish istagini ma'lum qildi.

Sankt-Peterburg “Mehnat resurslari markazi” davlat avtonom muassasasi 2013 yil 22 martda tashkil etilgan bo'lib, Sankt-Peterburg aholisining mehnat va bandligi bo'yicha qo'mitaning mehnat va aholi bandligi sohasida moddiy texnik bazasini ta'minlash mazkur muassasaning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

A.Chistyakov MRM Sankt-Peterburg iqtisodiyotiga mehnat resurslari oqimini yanada ko'paytirishni rejalashtirayotganini ta'kidladi. Ma'lumki, ushbu hudud iqtisodiyoti Rossiya Federatsiyasida ikkinchi o'rinni egallaydi va rivojlanishi katta sur'atlarda davom etmoqda. Bu erda turli sohalarni rivojlantirish maqsadida ko'plab tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, 2017 yil 20-22 sentyabr kunlari 10-Xalqaro Peterburg Innovatsiya Forumi bo'lib o'tdi. A.Chistyakovning bildirishicha, hozirgi paytda, Sankt-Peterburg korxonalarida chamasi million nafar kishi mehnat qilmoqda.

Shahar aholisi 5 million 300 ming nafar kishini tashkil qiladi. Ulardan 3 million nafari mehnatga layoqatli aholi vakillaridir. Aholining 1,8 (%) foizini ishsizlar tashkil etadi. Bugungi kunda ushbu hududdagi korxonalarda ishga joylashish uchun mavjud bo'lgan vakansiyalarning umumiy soni 44 000 ta o'rinni tashkil qiladi. Sankt-Peterburgga vizasiz kirish tartibida bo'lgan, ishlash uchun ruxsatnomani (patent) rasmiylashtiradigan xorijlik fuqarolar borasida so'z yuritilganda shuni aytish mumkinki, 2016 yilda 211 000 ta patent rasmiylashtirilgani qayd etilgan bo'lsa, ulardan 143 500 tasi – O'zbekiston Respublikasi fuqarolari zimmasiga to'g'ri keladi. 44 000 tasi esa Tojikiston Respublikasi, shuningdek, Ukraina, Moldova fuqarolari va boshqalardir. A.Chistyakov bugungi kunda ish beruvchilar tomonidan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi qurilish va ishlab chiqarish sanoatida faoliyat yuritayotgan korxonalaridagi mehnat faoliyatiga nisbatan ijobiy fikrlar bildirilayotganini aytib o'tdi.

MRM ma'lumotlariga ko'ra, hozirda Sankt-Peterburgda 18 ta daromadli uylar (yotoqxonalar) tashkil etilgan va ushbu yotoqxonalar ish beruvchilar va migrantlar o'rtasida mehnat shartnomasi tuzilganidan keyin migrantlarni qabul qiladi. Bu esa mehnat migrantining istagiga ko'ra hamda ish beruvchi tomonidan ishchilarni yashash uchun imtiyozli narxlar tizimida yotoqxonalarga (oyiga 3 500 dan 7 000 rublgacha) joylashtirish yuzasidan yozma murojaat (talabnoma) taqdim etilganida amalga oshirish imkonini beradi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi hududiga kirib kelayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan bog'liq muammoli holatlar, ya'ni dastlabki registratsiya, sug'urta polisining mavjud emasligi, ishga joylashish uchun soxta hujjatlar tayyorlanishi, oylik maoshlarning to'lanmasligi va boshqa shu kabi masalalar muhokama qilindi. Rossiya tomoni Sankt-Peterburg aholisining mehnat va bandligi bo'yicha qo'mita tuzilmasi va amalga oshirayotgan ishlari haqida qisqacha to'xtalib o'tdi.

Ma'lumki, Sankt-Peterburg aholisining mehnat va bandligi bo'yicha qo'mita Sankt-Peterburg davlat hokimiyatining ijroiya organi hisoblanadi. Ushbu Qo'mita aholining mehnat, bandlik va mehnat migratsiyasi, shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining mehnat va ishsizlikdan himoyalanish bo'yicha konstitutsion huquqlari sohasida Sankt-Peterburgning davlat siyosatini yuritadi hamda tegishli sohalarda Sankt-Peterburg davlat hokimiyati ijroiya organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug'ullanadi. Qo'mita o'z vakolatlari doirasida Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi va Sankt-Peterburg qonunchiligida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishini hududiy davlat nazorati amalga oshirilishiga vakolatli organ hisoblanadi.

Rossiya tomoni O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini 2018 yil 1-3 mart kunlari Sankt-Peterburgda o'tkazilishi mo'ljallanayotgan 2-Xalqaro Mehnat forumi ishida va 7-Rossiya Federatsiyasi mintaqalararo bandlik xizmati anjumaniga taklif etdi.

O'zbekiston tomoni mamlakatimiz rahbariyati tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi sohasiga alohida e'tibor qaratilayotgani, ushbu sohani rivojlantirish maqsadida Respublikamiz Hukumati tomonidan qabul qilingan qaror va farmoyishlar haqida so'z yuritdi.

Tomonlar tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi o'zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, Samarqandda hamkorlikda tashkil etiladigan Markazning ochilishini jadallashtirish bo'yicha ikkitomonlama sa'yi-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.

Тashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Axborot xizmati