Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati o'rtasidagi Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish to'g'risidagi Bitimning ratifikatsiya qilinishini jadallashtirish maqsadida 2017 yilning 4-9 oktyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov va Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari X.Asamov boshchiligidagi O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasida bo'lib turibdi.

2017 yil 4 oktyabrda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Agentlik delegatsiyasi bir guruh kompaniyalar va tekstil sanoati sohasida Moskva viloyati hududida faoliyat yurituvchi moskvalik ish beruvchilar tomonidan moliyalashtirilgan bir qator tijoriy mehmon uylari (yotoqxonalar)ni ko'zdan kechirdi. Ushbu yotoqxonalarda Agentlik tomonidan qonuniy ravishda ishga yuborilgan O'zbekiston fuqarolari ham istiqomat qiladilar.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan rossiyalik bir qator ish beruvchilar bilan Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish to'g'risida Bitimlar imzolangan edi. Ushbu tashrifdan ko'zlangan maqsad Rossiya Federatsiyasiga Agentlik tomonidan yuborilgan O'zbekiston fuqarolari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o'rganishdan iborat.

Mehmon uylariga tashrif chog'ida O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov va Agentlik rahbari X.Asamov ishchilarning yashash, ovqatlanish sharoitlari, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat faoliyatini amalga oshirishlari uchun tegishli hujjatlar (patent)ni olgunga qadar moslashish muddatlarini belgilash masalalari bilan tanishdilar. Delegatsiya tomonidan mehnat migrantlari huquqlarini himoyalash va fuqarolarning Rossiyada qonuniy ishga joylashishini takomillashtirish tartibi to'g'risida qonunchilikka kiritilayotgan o'zgartirishlar haqida suhbat uyushtirildi.

Rossiyada qonuniy ishlayotgan O'zbekiston fuqarolari ushbu uchrashuvning kutilmagan ekani va alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar. Ular mamlakat rahbariyati va mehnat migratsiyasi jarayonlariga jalb qilingan O'zbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralariga zarur shart-sharoitlarni tashkil etganlari uchun minnatdorlik izhor etdilar.

 

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Axborot xizmati