O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov boshchiligidagi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi delegatsiyasi 2017 yil 4 oktyabr kuni Moskva shahrida A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv o'tkazdi.

Delegatsiya tarkibida, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari X.Asamov va Agentlik xodimlari ham ishtirok etdi. Uchrashuvda Pushkin instituti tomonidan mazkur oliy ta'lim muassasasining rektori M.N.Rusetskaya, institutning iqtisodiy masalalar va ma'muriy-xo'jalik faoliyati bo'yicha prorektori A.M.Volakin, Test sinovidan o'tkazish va ijtimoiy-madaniy moslashuv markazi direktori O.A.Rachenko, institutning xalqaro aloqalar bo'yicha maslahatchisi V.M.Kosteva ishtirok etdi.

E.Muxitdinov “til – bu bilimlarga eltuvchi yana bir kalit” ekanini ta'kidladi. Ushbu institutning faoliyati va tarixi O'zbekistonda barchaga yaxshi ma'lum ekani, rus tili O'zbekiston Respublikasida ikkinchi xorijiy til ekanini aytib o'tdi. U, shuningdek, Farg'onada Mehnat migrantlarini ketish oldidan tayyorlash va Rossiya Federatsiyasiga jo'natish markazini tashkil etishda Pushkin instituti alohida ahamiyat kasb etishini aytib o'tdi.

 Ma'lumki, Mehnat migrantlarini huquqiy qo'llab-quvvatlash Assotsiatsiyasi va Agentlik tomonidan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy tarzda yollash va ishga jo'natish to'g'risida imzolangan  Bitimni amalga oshirish doirasida hamda  2017 yil 17 iyulda Farg'onada Mehnat migrantlarini ketish oldidan tayyorlash va Rossiya Federatsiyasiga jo'natish bo'yicha hamkorlikda Markaz tashkil etish to'g'risida imzolangan Memorandum asosida A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini rus tili bo'yicha to'liq imtihon qilish bo'yicha hamkor sifatida belgilangan.

Institut rektori M.Rusetskaya O'zbekistonga tashrif buyurish va Farg'onada 2017 yilning noyabr oyi yakuniga mo'ljallangan mazkur Markazning tantanali ochilish marosimida ishtirok etish niyatida ekanini ma'lum qildi. U, shuningdek, Farg'ona davlat universiteti bazasida rejalashtirilayotgan Hamkorlik, rus tili o'qituvchilarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazining ochilishi haqida ham so'zlab o'tdi.

O'zbekiston tomoni mamlakat rahbariyati tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi masalalarini rivojlantirishga ko'rsatilayotgan alohida e'tibor, Respublika Hukumati tomonidan qabul qilingan qaror va farmoyishlar haqida axborot berdi.

 M.Rusetskaya Pushkin institutining O'zbekistondagi faoliyati keng va sermahsul bo'lishi lozimligi, maktablarda rus tilidan dars berish uchun, oliy o'quv yurtlarining rus tili filologiyasi kafedralarida pedagoglarning malakalarini oshirish hamda chuqurlashtirilgan rus tilini o'rganishga bag'ishlangan tadbirlar uyushtirish singari ilmiy hamkorlikning turli shakllarini o'z ichiga qamrab olishi zarurligini ta'kidladi.

Test sinovidan o'tkazish va ijtimoiy-madaniy moslashuv markazi direktori O.A.Rachenko Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligini o'rganishga mo'ljallangan amaliy materiallarning o'zbek tiliga tarjimasi yakunlanganini ma'lum qildi. U pedagogik tarkibni qayta tayyorlash uchun ikki hafta zarurligi, nomzodlarning o'zlarini tayyorlash uchun esa taxminan ikki oy kerakligini ta'kidladi.

Mehnat migrantlarini huquqiy qo'llab-quvvatlash Assotsiatsiyasi Prezidenti Yu.Slutskaya Farg'onada tashkil etiladigan Markazda test sinovlarini o'tkazish uchun qo'llaniladigan uskunalar tayyorlab qo'yilgani va ikki hafta ichida foydalanishga topshirilishini ma'lum qildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari X.Asamov Farg'onada mazkur Markazning tez fursatlarda ochilishi uchun Agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilganini aytib o'tdi. U barcha savollar bo'yicha yaqin kelajakdagi harakatlar algoritmini ishlab chiqish bo'yicha hamkorlikka har jihatdan tayyor ekanini ma'lum qildi.

Uchrashuv davomida rus tilining elektron rusurslaridan foydalanish va joriy qilish (tilni nolinchi (A1) darajadan (S2) darajasiga qadar takomillashtirishga ko'maklashuvchi eng malakali rus tili o'qituvchilari tomonidan maxsus tanlab olingan darslar, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasiga ketishni rejalashtirayotgan O'zbekiston fuqarolari uchun rus tili kurslarini tashkil qilish, rus tilini mobil ilovalar va sms-tarqatmalar yordamida o'rganish, masofaviy test sinovlari(ikki tilda so'zlashuvchi bolalar uchun test sinovlari)ni o'tkazish masalalari muhokama qilindi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Axborot xizmati