Joriy yil 21 aprel kuni O'zbekiston Respubliikasi Mehnat vazirligi faoliyatining 2017 yil I chorak yakunlari va 2017 yil aholi bandligi dasturi ijrosini ta'minlashga bag'ishlangan kengaytirilgan Hay'at majlisi o'tkazildi.

Hay'at majlisini Mehnat vaziri A.Abduxakimov ochdi va olib bordi. Vazir majlisda Mehnat vazirligi faoliyatining I chorak yakunlari hamda 2017 yil aholi bandligi dasturi prognoz ko'rsatkichlarini bajarilishini ta'minlash choralari va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 apreldagi PQ-2881-sonli qarori talablarini so'zsiz bajarilishiga asosiy e'tiborni qaratdi.

Shuningdek, majlisda “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Xarakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid” dasturi talablari har tomonlama ko'rib chiqildi.

Kun tartibiga ko'ra I chorakda band bo'lmagan aholini ishga joylashtirish, kasbga o'qitish masalalari bo'yicha olib borilgan ishlar xususida hisobot tinglandi. Jumladan, 2017 yil yanvar-mart oylarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqsadli dasturlariga muvofiq 39,8 mingta ish o'rinlari yaratildi. Aholini shaxsiy yordamchi va dehqon xo'jaligida o'z-o'zini band qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga esa 55,8 ming kishining bandligi ta'minlandi.

Mehnat bozorida ehtiyoj bo'lgan kasblarga jami 2,0 ming nafar ishsiz qayta o'qitilib, 208 nafar ishsizga “Usta-shogird” usulida milliy hunarmandchilik kasb turlari o'rgatildi va 1,2 ming nafar fuqaro haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

Hisobot davrida ish qidirayotgan fuqarolar uchun maqbul keladigan ishni qidirish muddatini qisqartirish maqsadida 247 ta bo'sh ish o'rinlari yarmarkasida ishtirok etgan 11,9 mingta ish beruvchilar tomonidan taklif etilgan bo'sh ish o'rinlarga 11,4 ming nafar ish qidirayotgan shaxsga yo'llanma berildi, qariyb 30 ming nafariga mehnat, bandlik va huquqiy masalalar bo'yicha maslahatlar berildi.

Mehnat bozorida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj toifalari bandligini ta'minlashga e'tibor qaratilib, zahira qilingan (kvotalangan) ish o'rinlariga 13,8 ming fuqaro joylashtirildi.

Majlisda aholi bandligi dasturi ijrosini ta'minlashda yo'l qo'ygan kamchiliklari uchun mehnat organlarining mansabdor va rahbar xodimlari, mas'ul shaxslari faoliyati ko'rib chiqilib, ularning 34 nafariga turli intizomiy jazo qo'llanildi hamda 8 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Mehnat vaziri A.Abduhakimov kun tartibidagi masalalarni muhokama qilib, 2017 yilda aholi bandligini ta'minlash dasturi parametrlari, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash sohasidagi vazifalarni kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalarni qo'ydi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish zarurligini qayd etdi.

Kengaytirilgan Xay'at majlisi yakunida aniq chora-tadbirlar belgilangan tegishli qaror qabul qilindi.

 

O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Axborot xizmati