O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 avgust kuni «Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Qaror, O‘zbekiston RespublikasiPrezidenti tomonidan tasdiqlangan «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.

Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yangilik chetdan parvarishlash paytida ehtiyojlarni baholashning Bartel va Lauton shkalasiga asoslangan zamonaviy usullarini joriy qilishdir. Hozirgi kunda parvarishlovchi ijtimoiy soha xodimlari barcha chetdan parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlarning uyiga (ayni paytda bunday kishilar soni 17 mingdan ko‘proq) nogironligi, kasalligi va ehtiyojlarini hisobga olmay turib, haftasiga ikki marta kelib ketadi. Yanvardan boshlab, parvarish qiluvchi xodimlarning miqdori va kelib-ketish vaqti davomiyligi Bartel va Lauton shkalasidan kelib chiqib belgilanadi hamda ayrim ehtiyojmandlardan haftasiga yetti kun xabar olib turiladi. Ayni choqda Aholi bandligiga ko‘maklashish va ijtimoiy himoya markazlari faoliyatiga ilg‘or texnologiyalar joriy etilayotgani sababli parvarish bilan band ijtimoiy soha xodimlari soni unchalik oshib ketmaydi.
Ijtimoiy yordam sohasida har oyda yolg‘iz keksalar va nogironlarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlari nomining 9 tadan 15 tagacha ko‘paytirilishi, shuningdek, yordam oluvchiga jami mahsulotlarning umumiy narxidan oshib ketmagan holda mahsulot va tovarlar turi va miqdorini tanlash huquqini berishdir. Masalan, keksa kishi beriladigan barcha tovarlar bahosi miqdorida faqat o‘ziga kerak bo‘lgan yorma va shakar olishi mumkin.
Chetdan parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogiron kishilar keng qamrovli ro‘yxatdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish huquqiga ega shaxslar hisoblanadi. Ularga har oyda oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur tovarlar to‘plami yetkaziladi, doimiy tarzda — haftasiga bir marta — uylari supurib-sidirilib, ovqati pishirib beriladi, boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatiladi, har yili bir marta davlat hisobidan sanatoriylarda salomatligi mustahkamlanadi, dori vositalari ularga bepul tarqatiladi va boshqa ko‘p ishlar qilinadi. Qaror qabul qilinishidan oldin yaqin qarindoshi va vasiylari bo‘lmagan pensionerlar (yoshi va nogironligiga ko‘ra pensiya oluvchilar) yolg‘iz kishilar deb qaralar edi. Endi esa keksalar, pensiya belgilash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironlari ham yolg‘iz hamda o‘sha yordam va xizmatlarni olishga huquqi bor deb hisoblanadi. Bundan tashqari, qarindoshlari voyaga yetmagan yoki chetdan parvarishga muhtoj bo‘lgan I va II guruh nogironlari yoki keksa kishilar bo‘lganlar ham chetdan parvarishga muhtoj keksalar va nogironlar toifasiga mansub bo‘ladi.
Hozirgi paytda yuqorida zikr etilgan ijtimoiy yordam oladigan yolg‘iz pensionerlar soni, taxminan, 5500 kishidir. 2016 yil yanvaridan boshlab, yangi tartib kuchga kirgach, ushbu imtiyozlardan foydalanuvchi kishilar soni 7000 dan oshadi.
Qaror bo‘yicha joriy qilinayotgan tartibga ko‘ra, Aholi bandligiga ko‘maklashish va ijtimoiy himoya markazlari hamda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari mas’ul xodimlari yordamga muhtoj keksalar va nogironlarni aholini xabardor qilish va uyma-uy kirib chiqish yo‘li bilan aniqlash, bunday huquqqa ega bo‘lgan har bir ehtiyojmand kishini ijtimoiy himoyaning barcha turlari bilan ta’minlash uchun javobgar bo‘ladi. Bu o‘rinda faqat Mehnat vazirligi emas, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va boshqa idoralar ko‘rsatadigan xizmatlar va yordamni ham nazarda tutilmoqda.
2016 yil Yanvar oyidan boshlab keksalar va nogironlarga ko‘rsatilayotgan davlat ijtimoiy xizmatlari va yordami turlari haqidagi barcha ma’lumotlarni mas’ul vazirlik va idoralar Yagonainteraktivdavlatxizmatlari portaliga joylashtiradi. O‘shanda Davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini olayotgan keksalar va nogironlarning yagona registri ishga tushadi va unda har bir yordam oluvchi haqidagi ma’lumot joylashtiriladi hamda mas’ul idoralarning xizmatlar va yordam berish qanchalik asoslanganini kuzatib borishiga imkon tug‘iladi. Bu barcha ehtiyojmand keksalar va nogironlar o‘rtasida davlatning ijtimoiy himoya choralarini to‘liq, adolatli va teng miqdorda taqsimlashni ta’minlab beradi.
Qaror asosida ijtimoiy sohaning O‘zbekiston uchun innovatsion texnologiyalari joriy etilmoqda. Qarorni amalga oshirish rasmiyatchilik bo‘lib qolmasligi, xizmatlar va yordam yetarli darajada sifatli bo‘lishini ta’minlash uchun Mehnat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga qarorni amalga oshirish uchun javobgar xodimlarni o‘qitish borasida jiddiy va keng miqyosli ish olib bormoqda. Uslubiy qo‘llanma va ko‘rsatmalar tayyorlanmoqda, ish jarayonlari va interaktiv xizmatlarni avtomatlashtirish uchun ta’minot dasturi ishlab chiqilmoqda.

Vazirlik keksalar va nogironlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishni boshlab yubordi. Standartlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yordam sifatiga nisbatan talablar, jumladan, do‘stona munosabat, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga hurmat, bir-biriga ishonish, xodimlarni ishga olish va ularni boshqarish hamda boshqa narsalar aks etadi. Ushbu intervyu doirasida na qaror orqali joriy qilingan yangiliklar, na vazirlikning kelgusi rejalarini to‘liq qamrab olish imkoni bor.

Jamoatchilikni ro‘y berayotgan narsalar haqida vebsaytimiz www.mehnat.uz va vazirligimizning Facebookdagi sahifasi facebook.com/www.mehnat.uz orqali xabardor qilib borishga intilyapmiz. Bizga vazirlikning qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish markazining kechayu kunduz ishlaydigan 200-0-600 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.
 
Mehnat Vazirligining
Axborot xizmati