Buxoro shahar pedagogika kasb-hunar kollejida bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi o'tkazildi.

Buxoro viloyati mehnat boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan yarmarkada Buxoro, Kogon shaharlari, Kogon, Qorovulbozor va Jondor tumanlaridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.

Turli mulkchilik shaklidagi 117 korxona, tashkilot va muassasa tomonidan 950 dan ziyod bo'sh ish o'rinlari taklif etildi. Ish beruvchi sub'ektlarda yaratilgan sharoit va qulayliklar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

– Yarmarkada temir yo'l mashinisti yordamchisi bo'yicha turli tashkilotlar takliflari bilan tanishib chiqqach, o'zim ishlab chiqarish amaliyotini o'tagan Buxoro temir yo'l mintaqaviy uzeli lokomotiv deposini afzal bildim, – deydi Kogon sanoat va transport kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Maksim Kivgazov. – Tashkilotchilar to'rt tomonlama shartnomaga muvofiq ishga yo'llanma berdi. Endi men ham temir yo'l sohasida ishlayman.

Tadbirda kasb-hunar kollejlarining 120 ga yaqin bitiruvchisi ishga yo'llanma oldi.

Erkin Yodgorov, O'zA 

www.uza.uz