Anjuman davomida bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig'i Erkin Avezov “Ish o'rinlari tashkil tashkil etish va aholini bandligini ta'minlash” dasturining bajarilishi va bandlikning samarali shakllarini rivojlantirish maslasiga to'xtalar ekan 2015 yil bandlik dasturi ijrosi haqida axborot berdi.

Unga ko'ra hisobot davrida respublika bo'yicha jami 990 mingdan ortiq ish o'rinlari tashkil etilib, dastur 100,3 foizga bajarilgan. Bunda, maqsadli dasturlarga muvofiq 262 mingta, jumladan sanoatda – 116 mingta, xizmat ko'rsatish va servisda – 67 mingta, qishloq xo'jaligida – 49 mingta ish joylari tashkil etildi.

Dastur ijrosida asosiy e'tibor - kichik biznesga qaratilgan bo'lib, kichik korxona va mikrofirmalar, yakka tadbirkorlik, uy mehnati, dehqon va fermer xo'jaliklarida jami 728 mingdan ziyod kishining bandligi ta'minlandi (bu yaratilgan ish o'rinlarining 74 foiziga teng bo'ldi). Joriy yilning o'tgan davrida 1208 dan ortiq bo'sh ish o'rinlari yarmarkalari o'tkazildi va ularda 53 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar ishtirok etib, 62 ming kishiga ishga joylashish bo'yicha yo'llanmalar berildi. Shuningdek, hududiy mehnat organlarining inspektorlari mahallalarda yurib, ishsiz bo'lgan va ish qidirayotgan 284 mingga yaqin fuqarolarni ishga joylashishiga ko'maklashildi, ulardan 90 ming nafari ijtimoiy muxofazaga muxtoj axolini tashkil etadi.

Ishsizlarning mehnat bozoridagi raqobatga bardoshligini kuchaytirish va ish bilan ta'minlash maqsadida 7,3 ming nafar ishsiz fuqaro iqtisodiyotda talab qilinayotgan mutaxassisliklar bo'yicha kasbga tayyorlandi va qayta tayyorlandi. Bundan tashqari, 1,5 ming nafar ishsiz “Usto-shogird” usulida milliy hunarmandchilikning turlari kasblar bo'yicha o'qitildi va o'rgatildi.

Korxonalar bilan hamkorlikda 8 ming nafar ishsiz fuqaro haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

Ijtimoiy muhofaza borasida amalga oshirilgan ishlarga to'xtalar ekan, Aholini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari monitoringi va tahlili boshqarmasi boshlig'i Baxodir Sharapov, tuman (shahar) bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan, 2015 yilda 16,8 ming nafardan ziyod yolg'iz keksa, pensioner va nogironlar ro'yxatga olinib, ulardan 4,2 ming nafardan ziyod O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 27 maydagi “O'zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz pensionerlarni ijtimoiy himoyalash yuzasidan qo'shimcha tadbirlar to'g'risida”gi 212-son Farmoniga asosan ro'yxatga olingan, ular har oy bepul 9 turdagi mahsulotlar bilan, 2015 yil 1 sentyabrdan esa O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 avgustdagi “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 237-son qaroriga asosan 15 turdagi mahsulotlar bilan ta'minlanmoqda. Yolg'iz keksa, pensioner va nogironlardan 15,7 ming nafari uyida ijtimoiy xizmat ko'rsatishga muhtoj deb topilib, ularga 2 ming nafardan ziyod ijtimoiy xodimlar, shuningdek, Qizil Yarim oy jamiyatining mehr-shafqat hamshiralari biriktirilib, uyida ijtimoiy xizmat ko'rsatish bilan to'liq qamrab olingan.

1941-1945 yillar urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida 2015 yilda 11804 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriyalarda sog'lomlashtirildi.

Nogironlarni reabilitasiya texnik vositalari bilan ta'minlash maqsadida 2912 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar nogironlar aravachasi, 1060 nafari eshitish moslamasi, 1801 nafari xassa va 1342 nafari qo'ltiqtayoq bilan jami 7115 dona reabilitasiya texnik vositalar bilan ta'minlandi.

 

Anjuman davomida O'zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig'i Botir Shaxriyorov 2015 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar xaqida axborot berdi. Jumladan 2015 yil davomida inspeksiya xodimlari tomonidan Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi tomonidan tasdiqlangan reja asosida, davlat byudjetidan moliyalashtirladigan tashkilotlarda, huquq tartibot idoralari bilan hamkorlik doirasida, jami 5.8 mingdan ortiq tekshiruvlar o'tkazilgan. Aniqlangan holatlar bo'yicha ish beruvchilarga nisbatan 590 dan ortiq bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatmalar berilgan 515 nafardan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jarimalar qo'llanilgan. Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning xo'jalik yurituvchi sub'ektlariga aloqador 4 mingga yaqin ariza va shikoyatlari ko'rib chiqilgan, jumladan, ish haqini o'z vaqtida to'lanmasligi bo'yicha 1134ta, noqonuniy ravishda mehnat shartnomasini bekor qilish masalasida 679 ta, kvota va bo'sh ish o'rinlari to'g'risida tegishli axborotlarni taqdim etmagan holatlar bo'yicha 1450 ta, bo'sh ish o'rinlarini yashirishga doir 1295 ta murojaatlar ko'rib chiqilib, ish beruvchi-mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ta'sir choralari qo'llash orqali 2200 nafarga yaqin fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanib, 1700 dan ortiq ishchilarga 10,5 mlrd.so'm ish haqi to'latib berilgan.Joylardagi Davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan 2015 yil davomida Mehnat munosabatlariga oid va «Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida»gi qonunlarning korxona va tashkilotlarda hamda fermer xo'jaliklarida keng targ'ib etish yuzasidan televidenie va radio orqali 95 dan ortiq matbuot, gazeta, jurnallar orqali 205 dan ortiq marotaba chiqishlar qilingan hamda 2,4 mingdan oshiq yig'ilish-seminarlar va ochiq eshiklar, jami 2,7 mingdan ortiq huquqiy targ'ibot tadbirlari amalga oshirilgan.

Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Sulaymonova Nozima axborotiga ko'ra, 2015 yilda “Mehnatni muhofaza qilish to'g'risida” qonunining yangi tahriri ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi o'qishidan o'tdi. Mazkur qonunning loyihasida, tashkilotlarda ish beruvchi va xodimlarning mehnatni muhofaza qilish talablarini bajarish bo'yicha mas'uliyatini oshirish, mehnatni muhofaza qilish bo'yicha jamoatchilik nazoratini o'rnatishni ta'minlash, mehnatni muhofaza qilish sohasida xizmat ko'rsatishga tadbirkorlarni jalb etish maqsadida, xizmatlar bozorining professional ishtirokchisi tashkil etish, mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini audit qilish, ayollar, voyaga etmagan shaxslarni va mehnat qobiliyati cheklangan shaxslarning uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning o'ziga xos xususiyatlari nazarda tutilgan. Tarmoqlarda mehnatni muhofaza qilishga oid 89 ta normativ xuquqiy hujjatlar amaliyotga tadbiq etildi va ushbu normativ xuquqiy hujjatlarning qabul qilishi tarmoqlardagi korxona va tashkilotlarda mexnat sharoitlarini yaxshilash, sodir bo'lishi mumkin bo'lgan baxtsiz xodilar oldini olish, xodimlarni maxsus kiyim va boshqa himoyalanish vositalari bilan bepul ta'minlashiga qaratilgan. 45 mingdan ortik yirik va ishlab chiqarishlari xavfli korxonalarda ish beruvchilarning fuqarolik javobgarliklarini sug'urta qilindi va natijada ushbu maqsadga 30 mlrd.so'mda yaqin mablag'lar jalb qilindi. Mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish va boshqa ushbu sohaga tegishli qonunchiliklar bo'yicha 2399 ta seminarlar o'tkazildi va bu seminarlarda 47378 nafar tadbirkorlik sub'ektlari vakillari qatnashgan. Shuningdek, 15 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'ektlariga joylarga chiqqqan holda tushuntirish ishlari olib borildi. Ushbu tadbirlar natijasida tekshirishlar 2014 yilda 3884 ta tashkil etgan bo'lsa, 2015 yilda 3270 tani tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 16 foizga kamaytirildi, natijada 614 ta tadbirkorlik sub'ektlar ishlariga aralashishining oldi olindi. 

Tadbirda mehnat bilan band bo'lmagan aholi, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta'minlash borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar xususida so'z yuritildi. Jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Mehnat vazirligining

Axborot xizmati