2018-yil 10-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida AQShning Odam savdosini monitoring qilish va unga qarshi kurashish sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Jon Richmond boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jon Richmand bilan birga, AQSh Davlat departamentining odam savdosini monitoring qilish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ofis tadqiqotchisi Rene Lariver, O‘zbekistondagi AQSh elchixonasining Siyosiy-iqtisodiy bo‘limi mas'ul vakillari Larri Rayt, Brendon Shervud hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, vazir o‘rinbosarlari Erkin Muxitdinov, Nodirbek Yakubov, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan o‘zaro munosabatlar va xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Yekaterina Gorbunova ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan salmoqli o‘zgarishlar, xususan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan samarali ishlar haqida fikr almashdi.

Vazir Sherzod Kudbiyev, ayniqsa, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, uning har qanday ko‘rinishlari oldini olish maqsadida davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan aniq chora-tadbirlar, qabul qilingan qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar hamda vazirlik tomonidan ishga tushirilgan ishonch tarmoqlari tufayli erishilgan yutuqlar va kutilayotgan natijalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida, AQSh delegatsiyasi O‘zbekistonning so‘nggi ikki yil ichidagi islohotlarini e'tirof etib, majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qayd etdi. Xususan, O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishga to‘liq chek qo‘yilgani, joriy yilgi paxta terimida o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining jalb etilmagani alohida ta'kidlandi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar kelgusida hamkorlik munosabatlarini faol davom ettirish va mavjud muammolarga qarshi birgalikda kurashishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.