Bugun 14 sentyabr Toshkent viloyati Bekobod shahridagi Aholi bandligiga ko'maklashish markazining yangi ta'mirdan chiqqan binosida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining tayyorlov o'quv kursi o'z faoliyatini boshladi.

Shu munosabat bilan Bekobod shahar bandlikka ko'maklashish markaziga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari Erkin Muhitdinov hamda vazirlikning boshqa mas'ul vakillari tashrif buyurishdi. Tashrif davomida markazda yaratilgan sharoitlar ko'zdan kechirildi va fuqarolar bandligini ta'minlashda ushbu markazning ishonchli organ bo'lib qolishi alohida ta'kidlandi.

Mazkur o'quv markazida Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo'lgan O'zbekiston fuqarolari tayyorlov o'quv kurslaridan o'tishadi.
O'quv markazida jami 45 ta o'ringa mo'ljallangan uchta o'quv xonasi, bitta o'qituvchilar xonasi va bitta server xonasi mavjud bo'lib, ular zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan.

Agentlikning filiali tomonidan o'quv kursini tamomlagan fuqarolar ro'yxati “Chet ellarda ishlash istagida bo'lgan fuqarolarning elektron bazasi”ga kiritib boriladi va ish beruvchilar tomonidan o'tkazilishi rejalashtirilgan tanlovlarga jalb etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati