Ma’lumki, aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning mehnat faoliyatlari bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga solish va yanada takomillashtirish, kafolatlangan mehnat huquqlari tizimini mustahkamlash bo‘yicha bugun davlat siyosati darajasida samarali islohotlar olib borilmoqda. Birgina joriy yilning iyul oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (05.07.2018) va “Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (14.07.2018) qarorlari mehnat faoliyatiga qaratilayotgan jiddiy e’tibordan dalolatdir. 


Matbuot anjumanidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mehnat tarmoqlari, xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan, istiqbolli rejalar dasturiga kiritilgan hamda o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar borasida “to‘rtinchi hokimiyat” hisoblangan OAV vakillari bilan ochiq va shaffof muloqotni tashkillashtirib, mavjud yutuq va kamchiliklarni sarhisob qilishdan iborat.
Matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirishni tashkil qilish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qo‘chqorov, Davlat mehnat sharoitlarini ekspertiza va muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev aholi bandligi, majburiy mehnat hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan to‘xtalib o‘tishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2018 yil yanvar-iyul oylarida 200 ta tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat etgan 381,7 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Bandligi ta’minlanganlardan 140,2 ming nafari doimiy ishlarga hamda 241,5 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. 


Hisobot davrida ish qidirayotgan fuqarolar uchun maqbul keladigan ishni qidirish muddatini qisqartirish maqsadida 966 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 45,4 mingga yaqin ish beruvchilar va qariyb 156,1 mingdan ortiq ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etishdi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra 54,9 ming nafar shaxs ishga yo‘llanma oldi, 40,4 ming nafari bilan ishga joylashish bo‘yicha shartnomalar tuzildi, 85,1 ming nafar faol ish qidirayotganlarga mehnat, bandlik va huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar berildi.
Mehnat bozorida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj toifalari bandligini ta’minlash uchun mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, band qilingan (kvota) ish o‘rinlariga 32,3 ming nafar fuqarolar joylashtirildi. Jumladan, 6,3 ming nafar yolg‘iz ota-onalarga, 19,6 ming nafar ta’lim muassasalari bitiruvchilari, 993 nafar muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar, 988 nafar nogironlar, 1,3 ming nafar pensiya yoshiga yaqinlashib qolganlar, 1,3 ming nafar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar va 1,8 ming nafardan ortiq boshqa toifadagilar ishga joylashtirildi.
Ishsizlarning mehnat bozoridagi raqobatga bardoshliligini kuchaytirish va ish bilan ta’minlash maqsadida 10,4 mingdan ortiq ishsiz fuqaro tikuvchilik, to‘quvchilik, elektrik, payvandchilik, bo‘yoqchilik, suvoqchilik, kompyuter texnikasi operatori va boshqa shu kabi mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar bo‘yicha o‘qitildi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi “2018 yilda Aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3506-son Qarori bilan tasdiqlangan dasturning yo‘nalishlari bo‘yicha ish o‘rinlari yaratildi. 
Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyatini kengaytirish vositasida ish o‘rinlarini tashkil etish orqali 64,9 mingta ish o‘rni yaratilgan. Bu ish o‘rinlarining 37,2 mingtasi sanoatda, 15,3 mingtasi xizmat ko‘rsatish va servisda, 12,4 mingtasi qishloq xo‘jaligida, shuningdek, intensiv bog‘ va issiqxonalarda tashkil etildi. 


Qishloq joylarda arzon uy-joylar, ko‘p qavatli turar-joylar va yo‘l-muhandislik infratuzilma qurilishi hisobiga 24,8 mingta ish o‘rinlari yaratilgan.
Ijtimoiy soha infratuzilmasini rivojlantirish hisobiga 5,8 mingta ish o‘rni tashkil etilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 74,2 mingta ish o‘rinlari tashkil etildi, shu jumladan, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish orqali 19,4 ming kishining bandligi ta’minlangan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Respublika bo‘yicha band bo‘lgan 13 mln.191 ming aholi sonidan 636 mingdan ziyodi noqulay mehnat sharoitlarida ishlab kelmoqdalar, shulardan 419.3 ming kishi ishlab chiqarish sanoatida, 113.3 ming kishi transport sohasida, 68.8 ming kishi qurilish sohasida, 34.8 ming kishi aloqa sohasida mehnat qilmoqda. 


Noxush holatlarning oldini olish va “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida joriy yilning birinchi choragi davomida vazirlikning xududlardagi 101 nafar Davlat mehnat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari ekspertlari tomonidan 1062 ta hududga chiqilib, 493 ta seminar tashkil qilindi va bu seminarlarda 9425 nafar korxona va tashkilotlarning xodimlari ishtirok etishdi, bundan tashqari, 372 marta ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son qaroriga binoan fuqarolarning mehnat muhofazasi yanada kuchaytirilmoqda. Hisobot davrida 40 dan ortiq majburiy mehnat holatlari aniqlangan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Matbuot anjumani davomida shu kabi masalalar yuzasidan OAV vakillari bilan savol-javoblar o‘tkazildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati