2018 yil 11 yanvarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida Koreya personalni rivojlantirish instituti prezidenti janob Kim Yon Sega Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining - Faxriy maslahatchisi maqomini berish marosimi bo'ldi.

Tantanali marosimda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov shuni ta'kidladiki, O'zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o'rtasidagi hamkorlikning muhim yo'nalishlaridan biri inson resurslarini rivojlantirish bilan bog'liq loyihalarni amalga oshirishdir. Bugungi kunga kelib, Koreya va O'zbekiston o'rtasidagi Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan imzolangan ishchi migrantlarni bandlikka ko'maklashish tizimi orqali Koreyaga jo'natish borasidagi Anglashuv Memorandumini amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur Memorandumni samarali amalga oshirilishi natijasida 2007 yildan to bugungi kungacha O'zbekiston Respublikasining 27 mingdan ziyod fuqarosi Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirdi. Ayni paytda, Koreyada 17 mingdan ziyod ishchilarimiz mehnat qilmoqdalar. Yana shuni ta'kidlash zarurki, fuqarolarimiz Koreyadagi zamonaviy korxonalarda mehnat qilish mobaynida katta tajriba va ko'nikmalarga, sarmoya va texnologiyalarga ega bo'ladilar. Vatanga qaytganlaridan so'ng, ular o'z sarmoyalari va bilimlarini, salohiyat va tajribalarini yurtimizdagi korxonalarda ishlashga yoki o'z tadbirkorlik ishlarini tashkil etishga sarflaydilar, yangi ish o'rinlari yaratadilar.

Vazirlik rahbariyati yana shuni ta'kidladiki, mehnat migratsiyasini tashkil etish sohasidagi mavjud tajriba va amaliy ko'nikmalarni hisobga olgan holda, shuningdek, O'zbekistonlik ishchi kuchlarini jalb etish bo'yicha koreyalik ish beruvchilar bilan o'zaro hamkorlik maqsadlarida Koreya personalni rivojlantirish instituti Prezidenti janob Kim Yon Sega Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining - Faxriy maslahatchisi maqomini berildi. Bu O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini bandlikka ko'maklashish tizimi orqali Koreyaga yo'llash jarayoni samaradorligini oshirish va shu bilan tashqi migratsiya sohasidagi hamkorlik natijasida ikki davlat o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlash imkonini beradi.

O'z navbatida, janob Kim Yon Se o'ziga ko'rsatilgan yuksak ehtirom uchun minnaatdorchilik bildirdi va inson resurslarini rivojlantirish sohasida o'zbek-koreys munosabatlarini rivojlantirish uchun bajonidil harakat qilishini ta'kidladi. U yana shunga ishonch bildirdiki, bugungi kunda koreyaliklar O'zbekiston fuqarolarining Koreyaga qiziqishi darajasini oshirish bo'yicha hamkorlik qilishga tayyordir. Buning uchun Koreyada ishlashni yoki ta'lim olishni istagan fuqarolarni koreys tiliga va madaniyatiga o'rgatish muhim ahamiyatga egadir.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 22 noyabrdagi Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Koreya personalni rivojlantirish instituti o'rtasida o'zaro Anglashuv Memorandumi imzolangan hamda Kadrlar tayyorlash va bandlik darajasini qo'llab-quvvatlash Dasturi tasdiqlangan edi.

O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Koreya personalni rivojlantirish instituti o'rtasidagi ushbu Memorandumni hayotga joriy etish maqsadida tomonlar o'rtasida 2018 yilning birinchi yarim yilligida ishlash uchun ruxsatnoma olish uchun Hukumat qaroriga muvofiq, taqdim etilayotgan “Dalvarzin” maishiy xizmat ko'rsatish kasb-hunar kolleji bazasida O'zbekiston fuqarolarini koreys tili bo'yicha o'qitish markazini ochishga qaror qilindi. Janob Kim Yon Se O'zbekistonga tashrifi davomida mazkur ta'lim muassasasini borib ko'rdi. Ma'lumki, Koreya tomonidan hamkorlikdagi Markazni zarur jihozlar bilan ta'minlash va 2018 yilda ushbu o'quv muassasasida ta'lim oluvchilar sonini oshirish va kelgusi yillarda 1000 nafar kishiga etkazish rejalashtirilgan. Keyinchalik O'zbekistonning boshqa hududlarida ham bunday til markazlarini ochish nazarda tutilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Faxriy maslahatchisi janob Kim Yon Se ko'magida Koreya tomoni bilan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik izchillik bilan rivojlanib bormoqda, kadrlar zahiralarining malakasini oshirish, bandlikka ruxsat berish tizimi borasidagi masalalar hal etilmoqda, ruxsat etilgan siyosat doirasida kadrlar zahiralarining yo'llanishi va Vatanga qaytishi jarayoni yanada ijobiy yo'lga qo'yilmoqda, tomonlar manfaatlari inobatga olingan holda, aholining bandlik darajasi qo'llab-quvvatlanmoqda, shuningdek, chet elda mehnat faoliyatini yuritish istagida bo'lgan O'zbekiston fuqarolarini kasbga tayyorlash va o'qitish bo'yicha hamkorlik kengaytirilmoqda.

2018 yilning yanvar oyida Koreya Respublikasining Kvanju shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vakolatxonasini ochilishi rejalashtirilgan.

Ushbu tadbir tantanali marosimda do'stona va qiziqarli ruhda bo'lib o'tdi.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati