2018 yilning 8 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Delegatsiya tarkibi “Evergreen Motors” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Kn, Koreyaning ta'lim va trening tadqiqot instituti raisi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faxriy maslahatchisi Yun Se Kim, Milliy universitetlar kasalxonalari uyushmasi raisi, Sog'liqni saqlash vazirligi maslahatchisi Yun Tek Rimdan iborat.

Vazirlik tomonidan uchrashuvda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.Xaitov, xalqaro bo'lim boshlig'i B.Alimuhamedov, tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari R.Ibragimov va uning o'rinbosari U.Nazarov, Toshkent viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshlig'i S.Boboqulov ishtirok etdi.

Koreya delegatsiyasining tashrifidan maqsad – O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Koreyaga Oliy darajadagi tashrifi yakunlariga ko'ra erishilgan kelishuvlar va loyihalarni muhokama qilishdan iborat.

Muzokaralar chog'ida O'zbekiston fuqarolariga koreys tilini o'rgatish, shuningdek, Koreya Respublikasi korxonalariga ishga joylashtirishga ko'maklashish masalalari muhokama etildi.

Avvalroq, 2017 yil noyabr oyida Koreyaning ta'lim va trening tadqiqot instituti raisi Yun Se Kim bilan uchrashuv chog'ida kadrlar zahiralarining malakasini oshirish, tomonlar o'rtasidagi ruxsat etilgan siyosat doirasida bandlik masalalarini hal etish tizimi va kadrlar zahiralarining ish beruvchi davlatga kelishi va Vatanga qaytishi jarayonlarini takomillashtirish, tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda, aholi bandligi darajasini qo'llab-quvvatlash masalalari, shuningdek, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarni kasbga tayyorlash va ularni o'qitish sohasida hamkorlik qilish bo'yicha mavjud imkoniyatlar muhokama qilingan edi.

Uchrashuv yakunlariga ko'ra, Koreyaning ta'lim va trening tadqiqot instituti va O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o'rtasida Memorandum hamda mazkur Memorandumga ilova hisoblanuvchi Kadrlar tayyorlash va bandlik darajasini qo'llab-quvvatlash Dasturi ham imzolandi.

Yuqorida qayd etilgan Memorandumni hayotga joriy etish maqsadida tomonlar o'rtasida 2018 yilning birinchi yarim yilligida Koreya Respublikasida ishlash uchun ruxsatnoma olishlari, ishchi tashriflarni amalga oshirish, texnik tayyorgarlik ko'rish va o'qish maqsadida borish uchun mamlakatimizda O'zbekiston fuqarolarini koreys tili bo'yicha o'qitish markazlarini ochishga qaror qilindi. Ayni paytda, Koreya tomonidan kelishuvga erishilishi uchun tashkil bo'ladigan O'quv markazga zarur jihozlarni taqdim etish rejalashtirilmoqda.

 Tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi Seul va Kvanju shaharlaridagi chet el ishchilarini qo'llab-quvvatlash Markazlarining asosiy faoliyati bilan tanishganlar.

Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv va xayrixohlik muhitida o'tgani va ikkitomonlama hamkorlikning kelgusidagi qadamlarini muhokama etishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati